Karim Mirhodiyev nomzodi APSA “Oskar”iga tavsiya etilmoqda

0 261

Avstraliyaning Brisben shahrida Osiyo-Tinch okeani “Oskar” kinomukofoti (APSA) ga o‘zbekistonlik aktyor Karim Mirhodiyev nomzodi ham tavsiya etildi, deb xabar berdi Turon 24.

Foto: Turon 24

“Osiyo Oskari” deb ham ataladigan mazkur mukofot taqdimotida O‘zbekiston kinematograflari ilk bor ishtirok etmoqda.

Karim Mirhodiyev Rashid Malikov tomonidan suratga olingan “Sabot” filmidagi roli uchun mukofotning “Eng yaxshi aktyor” nominatsiyasiga tavsiya qilingan. Aktyor 29-noyabr kuni Avstraliyada o‘tkaziladigan taqdimot marosimiga taklif etilgan.

Ayni paytda 64 yoshni qarshilagan Karim Mirhodiyev qator rollari bilan nafaqat o‘zbek, balki ko‘plab xorij kinosevarlari orasida ham taniqli. U 2001-yilda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist unvoniga sazovor bo‘lgan. Bu yil Ostona shahrida o‘tkazilgan “Yevraziya” XIV Xalqaro kinofestivalida “Eng yaxshi erkak roli” nominatsiyasi g‘olibi bo‘ldi.

Ma’lumot uchun: Osiyo-Tinch okeani (APSA) mukofotiga 2007-yilda asos solingan. Unda mazkur hudud kinochilari tomonidan ishlab chiqarilgan eng yaxshi filmlar taqdirlanadi. Geografik jihatdan bu mukofot Misrdan tortib Rossiya shimoliy qismlari, Yangi Zelandiya va barcha janubiy hududlarni qamrab olgan.

Mazkur kinoforumda 70 ta mamlakatdan kinematograflar ishtirok etadi.