“Rossiya-Kultura” telekanali O‘zbekiston haqidagi 4 seriyali hujjatli filmni suratga oladi

0 197

“Rossiya-Kultura” telekanali O‘zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi va O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi bilan hamkorlikda “O‘zbekiston. Sevgi haqida afsonalar” deb nomlangan to‘rtta hujjatli filmlar turkumini suratga oladi. Bu haqda loyiha ishtirokchilari “Daryo”ga xabar berdi.

Foto: O‘zEOAVMA matbuot xizmati

Filmlarda Buyuk hind va Ipak yo‘llari tarixi va O‘zbekiston hududida rivojlanib kelgan sivilizatsiyalar, tinchlik va birodarlikda 130 dan ortiq millatlar vakillari yashab kelayotgan qadimiy mamlakatning bag‘rikengligi, o‘zbek milliy san’ati, ilm-fani, me’morchiligi, milliy taomlari va pazandachilik an’analari haqida so‘z yuritiladi.

Filmlar O‘zbekistonning qadim davrdan boshlab to bugungi kunga qadar bo‘lgan madaniy va tarixiy rivojlanishining asosiy jihatlarini qamrab olishi kutilmoqda.

“Biz rossiyalik teletomoshabinga O‘zbekiston to‘g‘risida sevgi haqida qadimgi xalq afsonalari: o‘z yurtiga muhabbat, san’at va ilm-fanga mehr-muhabbat, buyuk sarkardalar, jangchilar sevgisi, insoniy his-tuyg‘ularning buyuk tarixlari orqali so‘zlab bermoqchimiz, zero ularsiz o‘zbek xalqi shunday ajoyib me’moriy, shyeriy, musiqiy namunalarni yaratmagan hamda O‘zbekiston madaniy merosi tushuchasi shakllanmagan bo‘lar edi”, — ta’kidlab o‘tdi hujjatli filmning muallifi va prodyuseri Firdavs Abduholiqov.

Hujjatli filmlarni yaratishda O‘zbekistonning yetakchi arxitektorlari, tarixchilari, diniy muassasalari rahbarlari, o‘lkashunoslari, ilm-fan va madaniyat arboblari, taniqli oshpazlari qatnashadi.

Hujjatli film ssenariysi muallifi Tatyana Basova film haqida shunday deydi:

— “Rossiya-Kultura”telekanali va O‘zEOAVMA hamkorligi “O‘zbekiston: qo‘lga kiritilgan kashfiyotlar” filmidan boshlangan bo‘lib, u bir yil avval ekranlarga chiqarilgan edi. 25 yil ichida O‘zbekiston to‘g‘risida birinchi bor suratga olingan film kanalimizda yaratildi. Ta’kidlab o‘tishim kerak, bu rossiyaliklarning nazari va ularning yangi O‘zbekistonni XXI asr voqeligida ko‘rishi bo‘lgan. Film yuqori reytingga ega bo‘lib, teletomoshabinlarimizda katta qiziqish uyg‘otdi. Aynan shuning uchun biz ishni davom ettirishga qaror qildik”.

Bugungi kunda bu O‘zEOAVMAning Rossiya telekanallari bilan birgalikdagi beshinchi loyihasi hisoblanadi. Bundan avval “O‘zbekiston – qumliklar javohiri”, “Qoraqalpog‘iston – vaqt qumlari oralab”, “O‘zbekiston: qo‘lga kiritilgan kashfiyotlar”, “Nukus. Noma’lum kolleksiya” filmlari yaratilgan edi.